Silikon vodiysiga bum davri yana qaytdi. 101-magistral boʻyidagi ofis parklari yana bir bor umidvor startaplarning xos ramzlari bilan bezatilgan. Taho kabi kurort shaharchalardagi hashamatli dala hovlilariga talab oshgani sayin ijara narxlari oʻsib bormoqda, bu esa ushbu hududda boylikning toʻplanishi nishonasidir. Ushbu koʻrfaz hududi yarimoʻtkazgichlar sanoatining hamda keyinchalik paydo boʻlgan kompyuter va internet kompaniyalarining vatani hisoblanadi. Uning sehrgarlari, sensorli ekranli telefonlardan tortib, ulkan kutubxonalarni bir lahzada qidirishga hamda minglab chaqirim masofadagi dronlarni boshqarishga qodir butun dunyoni ertaklardagidek his qildiradigan koʻplab ajoyibotlarni taqdim etdilar. Shuning uchun, Silikon vodiysidagi baʼzi odamlarning bu joy turgʻun va innovatsiyalar darajasi oʻnlab yillar davomida pasayib boryapti, deb hisoblashlari kishini ajablantirishi mumkin. PayPal asoschisi va Facebookʼning birinchi tashqi investori Piter Tilning aytishicha, Amerikada innovatsiya “jar yoqasida” turibdi. Barcha sohalardagi muhandislar xuddi shunday umidsizlikni his qilishmoqda. Kichik, lekin miqyosi oʻsib borayotgan bir guruh iqtisodchilar, bugungi innovatsiyalarning iqtisodiy taʼsiri avvalgilariga qaraganda pasayishi mumkin deb hisoblashadi. [ … ] Barcha jabhada arzon qayta ishlash quvvatiga asoslangan innovatsiyalar boshlanmoqda. Kompyuterlar inson tilini tushuna boshladilar. Odamlar video oʻyinlarni faqat tana harakati orqali boshqarmoqdalar – bu tez orada aksariyat biznes olamida amaliy oʻrnini topishi mumkin boʻlgan texnologiyadir. Uch oʻlchovli chop etish texnologiyasi tobora murakkabroq obyektlarni yaratishga qodir boʻlib bormoqda va yaqinda bu soha inson toʻqimalari hamda boshqa organik materiallarni ishlab chiqarishga oʻtishi mumkin. Innovatsiyalarga pessimistik yondashuvchilar buni xomxayol deb hisoblab, rad qilishi mumkin. Ammo texnologiyaga asoslangan oʻsish surʼati “bir koʻtarilib, bir pasayadi” emas, balki “rivojalanishda davom etadi yoki muqarrar pasayadi” degan fikr tarixiy haqiqatlarga ziddir. Chikago universiteti professori Chad Siversonning taʼkidlashicha, elektrlashtirish davrida unumdorlikling oʻsish surʼati sust boʻlgan. XIX asr oxiri – XX asr boshlarida muhim elektrotexnika yangiliklari davrida oʻsish surʼati past boʻlgan, lekin keyinchalik keskin oʻsish kuzatilgan. | Entry #26548 — Discuss 0 — Variant: Not specifiednone
|